XX asr boshlarida nafaqat Xorazm muzofoti balki, butun Markaziy Osiyo hududida, hatto Chor Rossiyasining amaldorlari orasida ham yuksak nufuzga ega bo‘lgan Xiva xonligining bosh vaziri Islomxo‘ja o‘z davrining taraqqiyparvar, xalqparvar davlat va jamoat arboblaridan biri edi. O‘n yetti yoshidan Xivadan keyin strategik ahamiyat kasb etadigan, xonlikning savdo va sanoat markazlaridan biri hisoblanmish Hazorasp bekligiga hokimlik qilgan Islomxo‘ja yigirma olti yoshida Xiva xonligining bosh vazirligiga tayinlanadi. Tarix zarvaraqlarida ma'rifat, adabiyot va san'at homiysi sifatida hurmat qozongan, Xiva xonligida uzoq hukmronlik qilgan Muhammad Rahimxon II Feruz Islomxo‘janing uzoqni ko‘ra bilish zehnini, siyosiy bilimdonligini nihoyatda qadrlaydi.